×

Yangiliklar

TURKIYA ISHBILARMON TADBIRKORLARI BILAN UCHRASHUV

Joriy yilning 25-fevral kuni O’zbekiston Savdo sanoat palatasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Turkiyaning mustaqil ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uyushmasi “MUSIAD” bilan hamkorlikda Turkiya ishbilarmon tadbirkorlari O’zbekiston Respublikasiga tashrifi davomida uchrashuv tashkil etildi, hamda ushbu uchrashuvda «BMB Trade Group» kompaniyasining mas’ul hodimlari ham ishtirok etishdi.

Tashrif davomida ikki mamlakat biznes vakillari ishtirokida “O’zbekiston va Turkiya o’rtasida investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi.

Tadbirda O’zbekiston tomonidan Oliy Majlis Senati a`zolari, Savdo-sanoat palatasi, vazirlik idoralar hamda elektrotexnika, qishloq xo’jaligi mahsulotlari, mebellar va qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

So’zga chiqqanlar 2017-yil oktyabr oyida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi shuningdek, 2018-yil aprel oyida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyib Erdog’onning O’zbekistonga qilgan davlat tashrifi o’zbek-turk munosabatlari tarixida yangi sahifa ochganini ta`kidlab o’tdilar.

Ushbu tashriflar doirasida iqtisodiyot, qishloq xo’jaligi, savdo-sotiq, bank-moliya, investitsiya, turizm, transport-logistika, sog’liqni saqlash kabi sohalarda imzolangan hujjatlar bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi pog'onaga ko’tarilgani ta`kidlandi.

Shu o’rinda aytish joizki, O’zbekistonga bo’lgan davlat tashrifi davomida O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi va “MUSIAD” tashkiloti o’rtasida hamkorlik bitimi imzolangan bo’lib, o’tgan yilning sentabr oyida Toshkent shahrida “MUSIAD” ning vakolatxonasi ochildi.

“Davra suhbati” davomida Turk tadbirkorlari O’zbekistonda investitsion muhitni yanada yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.

Tomonlar, shuningdek, Respublikada “ziyorat turizmi” saloxiyatini oshirish masalalarini muhokama qildilar, qurilish va shaharsozlik sohasidagi hamkorlik istiqbollariga ham to’xtalib o’tildi va “Tashkent city” loyihasining taqdimoti o’tkazildi.

Delegatsiya a`zolari turizm salohiyati bilan tanishish maqsadida tarixiy Buxoro va Samarqand shaharlariga tashrifini amalga oshirish o’rin olgan.

Ta`kidlash lozimki, Turkiya O’zbekistonda “ziyorat turizmini” rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda.

Turkiya Buyuk millat majlisi sobiq deputati Sodiq Badak 2017-yil noyabr oyidan O’zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi raisining maslahatchisi sifatida ish boshlagan.

Davra suhbati davomida O’zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari ishtirokida “B2B” formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi.

O’zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari o’rtasidagi aloqalari izchil rivojlanib borayotgani bizning mamlakatlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga javob beradi hamda iqtisodiy aloqalarni rivojlanayotkani xaqida ta’kidlab o’tdi.

Tadbir bahsga boy va ko’tarinki ruxda o’tdi.