×

Yangiliklar

NAMANGAN VILOYATIGA TASHRIF

  Joriy yilning 19-fevral kuni «BMB TRADE GROUP» kompaniyasi Kuzatuv Kengashi raisi Bekzod Mamatqulov va Bosh direktori Mahmud Asamov Namangan viloyatiga tashrif buyurishdi.

   Tashrif mobaynida Namangan viloyati hokimi Bozorov Xayrullo Xayitboevich bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Uchrashuv davomida Namangan viloyatiga investitsiyalarni jalb qilish hamda investor bilan birgalikda qo’shma korxona ochish masalalari muhokama qilindi.

 Xayrullo Bozorov o’zaro hamkorlikka tayyorligini, shuningdek, loyihalarni amalga oshirishda yordam berishini bildirdi.

   Uchrashuv davomida Bekzod Mamatqulov kompaniya faoliyatiga to’xtalib o’tdi hamda amalga oshirilayotgan loyihalar bo’yicha batafsil ma’lumot berib o’tdi.

  Muzokaralar davomida qishloq xo’jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

   Tashrif davomida «BMB TRADE GROUP» kompaniyasi rahbariyati Namangan shahrida joylashgan “Mehmash” MChJ zavodi rahbariyati bilan uchrashuv o’tkazdi. Zavodda po’latdan yasalgan quvurlar, gipsokartonlarni metall profillarga bog’lash uchun mo’ljallangan samorezlarni ishlab chiqarish jarayoni, shuningdek fabrikada tashkil etilgan issiqxona kompleksi bilan tanishdilar.

   “Mehmash” mas’uliyati cheklangan jamiyati 1982 yilda “Vostok” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi tarkibiy bo’linmasi sifatida tashkil etilgan.

   1995 yilda Davlat mulk qo’mitasining Namangan viloyati boshqarmasi bo’yrug’iga asosan korxona “Mehmash” OAJ sifatida o’z faoliyatini boshlagan. 2003 yil ohirida kompaniya xususiylashtirilgan. 2016 yilda kompaniya “Mehmash” MChJga o’zgartirilgan.

  Hukumat tomonidan tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlash hamda qulay shart-sharoitlar yaratish bo’yicha qabul qilingan chora-tadbirlar natijasida kompaniya mavjud ishlab chiqarish texnik bazasini modernizatsiya qilish bo’yicha ko’plab ishlarni amalga oshirdi. Natijada, korxonada ish o’rinlarining 2003-yilga nisbatan o’sishi 200%ni tashkil etdi, aylanma mablag’lar esa 30 marotabadan oshdi. Modernizatsiya qilish loyihasi natijasida zamonaviy uskunalar o’rnatildi va yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarildi.

   Hozirgi kunda korxonada turli hil diametrli to’rtburchak, kvadrat va oval kesimdagi po’latdan yasalgan yuzdan ortiq turdagi quvurlar ishlab chiqarilmoqda. Kompaniya jahon standartlarga javob beradigan yuqori texnologiyali uskunalar yordamida sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniga ega.

  2015 yildan boshlab gipsli panellarni metall profillarga o’rnatishga mo’ljallangan zamonaviy vintlar (samorez) ishlab chiqarilishi yo’lga qo’yilgan. Ushbu vintlar oldindan burg’ulashsiz yog’och, plastmassa va metall plitalarga o’rnatish imkonini beradi. Hozirgi vaqtda vintlarni ishlab chiqarish kompleksi Tayvan zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan. Ushbu uskunalar yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarish imkoniyatini beradi.

   Kompaniyaning ustuvor faoliyati po’lat quvurlarni va vintlarni ishlab chiqarishdir. Bundan tashqari, kompaniya avtomatlashtirilgan sanoat issiqxona komplekslari va foydali hasharotlarni tayyorlash uchun uskunalarini ishlab chiqarish, o’rnatish va ishga tushirishni amalga oshiradi.

   Bugungi kunda kompaniya 170 dan ortiq ish o’rinlarni yaratgan. Zavodning hududi 6,84 gektarni tashkil etadi, ularning uchdan bir qismi ishlab chiqarish maydoni hisoblanadi.

  Hozirgi vaqtda ishlab chiqarish liniyalarini va uskunalarini modernizatsiya qilish jarayoni, shuningdek, binolar va inshootlarni rekonstruktsiya qilish ishlari davom etmoqda. Kompaniya rahbariyati ish sharoitlarini yaxshilash, xizmat ko’rsatish tizimlarini takomillashtirish, yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan.

   Kunning ikkinchi yarmida Namangan viloyatida joylashgan “IFODA AGRO KIMYO HIMOYA” kompaniyasining rahbariyati bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

   “IFODA AGRO KIMYO HIMOYA” kompaniyasi o’n besh yildan ortiq respublika dehqon xo’jaliklari, qishloq xo’jaligi korxonalari, shuningdek, o’simliklarni zararkunandalar, kasalliklar va begona o’tlardan himoya qilish sohasidagi korxona va tashkilotlarga amaliy yordam ko’rsatib kelmoqda.

   Bugungi kunda kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi 70 dan ortiqni tashkil etadi. Ishlab chiqarish hajmi nafaqat respublika ehtiyojlarini qondirishga, balki mahsulotlarni eksport qilishga ham imkoniyat yaratadi.

   Shundan so’ng Chust tumani hokimi Ohunov Bahodir Jurayevich bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Uchrashuv davomida Chust tumanidagi qishloq xo’jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda tomonlar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

   Chust tumani hokimi «BMB TRADE GROUP» kompaniyasi uchun tumanda qishloq xo’jaligi sohasida loyihalarni amalga oshirishga barcha shart-sharoitlar mavjudligini ta’kidlab o’tdi.

   O’z navbatida Bekzod Mamatqulov O’zbekiston iqtisodiyotining jadal rivojlanishiga, imtiyozlar tizimiga e’tibor qaratib, Chust tumanidagi loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

    Namangan viloyatiga tashrif juda boy, samarali hamda do’stona muhitda o’tdi.