×

Yangiliklar

BMB TRADE GROUP HINDISTONDAGI "INDUS FOODTECH NOIDA 2020" XALQARO KO'RGAZMADA ISHTIROK ETMOQDA

Joriy yilning 8-10 yanvar kunlari O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida BMB Trade Group kompaniyasi vakillari Hindistonning Noida shahridagi "Indus FoodTech Noida 2020" oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqarish texnologiyalari va uskunalari xalqaro ko'rgazmasida ishtirok etmoqda.

Tadbir Hindiston savdo-sotiq vazirligi va Hindistonning boshqa tegishli idoralari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritadigan tashqi savdo va investitsiyalarni jalb qilish bo'yicha yetakchi tashkilot bo'lgan Hindiston savdo-sotiq Kengashi tomonidan tashkil etildi.

Tadbir savdo vaziri Anup Vadhavan (Anup Wadhawan) va TPCI rahbari Mohit singla (Mohit Singla) tomonidan ochib berildi. Ko'rgazmada 700 dan ziyod Hindistonlik ishlab chiqaruvchilari, shuningdek, dunyoning 80 mamlakatidan 1300 ga yaqin xaridorlari ishtirok etayotganini ta'kidlab o’tdi. Shuningdek, aholi ko’rsatgichi 1.3 mlrd bilan dunyodagi ikkinchi o’rin egallagan Hindistonda oziq-ovqatga yuqori talab mavjud bo’lib, mutaxassislar  tomonidan 2025 yilgacha ichki bozorda oziq-ovqat va ichimliklar iste'mol bozorining hajmi 1,142 trillion dollarga yetishi taxmin qilinmoqda.

Ko'rgazmada namoyish etilayotgan mahsulotlar bilan tanishish chog'ida BMB Trade Group kompaniya bosh direktorining maslahatchisi Nuriddin Mamatov va eksport bo'limi boshlig'i Mirakbar Dadajonov mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda eksportchilar orasida katta qiziqish uyg'otadigan hind kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan uskunalar namunalari bilan tanishdi.

Bundan tashqari, AgroPure (dukkaklik va quritilgan mevalarni qadoqlash va eksport qilish), Repute Engineers PVT LTD (ishlab chiqarish, qadoqlash va shirinliklar eksporti), FillPack technology (mevani qayta ishlash, sut mahsulotlari, muzqaymoq va ichimliklar ishlab chiqarish) va YSM Diary Biotexnologiya PVT Ltd (sut ishlab chiqarish texnologiyasi) kompaniyalari vakillari bilan biznes-muzokaralar o'tkazildi.

O'z navbatida, N.Mamatov va M.Dadajanov ko'rgazma ishtirokchilarini BMB Trade Group kompaniyasining faoliyati, konsalting xizmatlari ko'rsatish va O'zbekistonda qo'shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish tajribasi, shu bilan birgalikda, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, shuningdek, Yevropa davlatlariga yangi va quritilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qilish bilan tanishtirdi. Ta'kidlash joizki, hindistonlik ishbilarmonlar BMB Trade Group kompaniyasi bilan hamkorlikka qiziqish bildirib, Toshkentda muzokaralarni davom ettirish niyatini bildirdi.