×

Yangiliklar

ISPANIYANING WES KOMPANIYASI BILAN MUZOKARALAR O’TKAZILDI

 

2019-yil 26-sentabr kuni BMB Trade Group kompaniyasi ofisiga   Ispaniyaning WES kompaniyasi bosh direktori Xose Antonio Esteban O'zbekiston Respublikasining Ispaniyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi G'aniev Jahongir tashabbusi bilan  tashrif buyurdi va kompaniya Kuzatuv Kengashi raisi B.Mamatqulov va Investitsiyon loyihalar va Xalqaro hamkorlik bo’limi boshlig’i B.Kamilovlar bilan muzokaralar o'tkazdi.

Muzokaralar davomida X.Esteban o'zining O'zbekistondagi investitsion faoliyati, shuningdek, Ispaniyaning yetakchi kompaniyalari tomonidan import qilinadigan qishloq xo'jalik mahsulotlariga qo'llaniladigan zamonaviy agrotexnologiyalar, talablar va standartlari haqida batafsil so'zlab berdi.

Shuningdek, O'zbekistondagi issiqxona majmualarni 10 yil davomida suvni tejash maqsadida tomchilatib sug'orish texnologiyalari sohasidagi  investitsiya loyihalarini taklif qildi.

X. Esteban, hozirgi kunda ispaniyalik muhandislari ushbu sohada ulkan yutuqlarga erishkanliklari, qolaversa eng so’ngi texnologiya  tizimlaridan foydalanish orqali qishloq xo'jaligining yuqori mahsuldorligini ta'minlashini ta’kidlab o’tdi.

Kompaniyaning Kuzatuv kengashi raisi B.Mamatqulov ispaniyalik hamkasbini qishloq xo'jaligida amalga oshirilayotgan o'z loyihalari bilan tanishtirdi, shuningdek, Jizzax viloyatida 5 gektar maydonda ispan texnologiyalari asosida issiqxona majmualarini qurish bo'yicha hamkorlikni taklif qildi.

Bundan tashqari, Ispaniya kompaniyasi bilan kaper mahsulotiga Ispaniyada qiziqish borligi, shu sabab ushbu o’simlikni yurtimizda yetishtirish hamda to’g’ridan-to’g’ri Ispaniyaga eksport qilish sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. 

Muzokaralar so’ngida, tomonlar o'zaro manfaatli hamkorlikning ikki yo'nalishi bo'yicha tijorat takliflari va biznes reja loyihalarini ishlab chiqish maqsadida kelishuvga erishishdi.