×

Yangiliklar

BMB TRADE GROUP KOMPANIYASI O'ZBEK-TURK BIZNES FORUMII TASHKILOTCHISI BILAN O'ZARO ALOQA O'RNATILDI

24-sentabr kuni BMB Trade Group kompaniyasi delegatsiyasi O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan mustaqil ishlab chiqaruvchilar va ishbilarmonlar Uyushmasi (MUSIAD) bilan hamkorlikda tashkil etilgan O'zbekiston-Turkiya biznes-forumida ishtirok etdi.

Biznes-Forumda "International Hotel Tashkent" mehmonxonasining majlislar zalida O’zbekiston Respublikasi Savdo-Sanoat Palatasi (A.Ikramov), Iqtisodiyot va Sanoat Vazirligi (B.Usmonov), Turizmni rivojlantirish qo'mitasi (U.A'zamov), "O'zeltexsanoat" (I.Shukurov) vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Turkiya davlati tomonidan Turkiyaning O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Mehmet Surayya Er, MUSIAD prezidenti (A.Kaan), MUSIAD ning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari (A. Ucharingiz) ishtirok etishdi.

Tadbirda O'zbekiston-Turkiya iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirish uchun ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo'g'on 2018-yilda O'zbekiston-Turkiya strategik hamkorligini yangi bosqichga ko'tarish bo’yicha qo'shma bayonot imzolanishi to'g'risida hamda tomonlar 2020-yilgacha ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazishni e'lon qilinganligi haqida ta'kidlab o'tildi.

Shuningdek, ma'ruzachilar ishbilarmon doiralar o'rtasida ikki tomonlama sheriklikning yuqori sur'atlarda rivojlanishini ta'minlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganini, shuningdek, tovar ayirboshlashni yanada oshirish bo'yicha aniq yo'nalish va chora-tadbirlarni belgilab olishdi. Mehmonlar uchun mamlakatning investitsion va sayyohlik salohiyatini namoyish etuvchi videoroliklar namoyish etildi.

B2B formatidagi 20 ta Turkiya va 50 ta O'zbekiston kompaniyalari o'rtasidagi muzokaralar chog'ida MUSIAD kompaniyasining xalqaro hamkorlik bo'yicha prezident o'rinbosari Yasin Yetishmish bilan aloqa o'rnatildi. Xususan, kompaniya Bosh direktori M.Asamov kompaniyaning investitsion-konsalting faoliyati, shuningdek, yangi va quritilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilayotgani va yetishtirilayotgani haqida qisqacha ma'lumot berdi.

O'z navbatida, Ya.Yetishmish MUSIAD 11 mingdan ortiq tadbirkor va ishlab chiqaruvchilarni birlashtirgani, 94 ta davlatda ish olib borayotganini ta'kidladi. Shuningdek, uyushmaning asosiy maqsadi Turkiya kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksportini tashkil etishga ko'maklashish, tovarlar va yuklarni tashishda barcha yo'nalishlari bo'yicha aloqalarni kengaytirish, logistika imkoniyatlarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilishdan iborat.

MUSIADning keng imkoniyatlarini hisobga olgan holda M.Asamov turk kompaniyalari bilan mahalliy qishloq xo'jaligi mahsulotlarini Turkiyaga eksport qilishni tashkil etishda, qolaversa boshqa mamlakatlarga ham keng logistika imkoniyatlari va MUSIAD tarmoqalaridan foydalangan holda hamkorlik masalasini ishlab chiqishni taklif qildi.

Kompaniya tashabbusi bilan Y.Yetishmish O'zbekistondan yangi va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda hamkorlikni yo'lga qo'yish, shuningdek, hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun turk hamkorlarini tanlab olishni tashkil etishga kelishib olindi.

Tadbir O'zbekiston va Turkiya kompaniyalari o'rtasidagi aloqalarni kengaytirishga xizmat qilib, ishbilarmonlik va do'stona ruhda o'tdi.