×

Yangiliklar

“BMB TRADE GROUP” KOMPANIYASI KUZATUV KENGASHI RAISI B.MAMATQULOV M.E.SHAHID BOSHCHILIGIDAGI POKISTON TADBIRKORLARINI QABUL QILDI

10-sentabr kuni BMB Trade Group kompaniyasi Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov Pokiston Islom Respublikasidagi A&U Enterprises kompaniyasi direktori Muhammad Ehsan Shahid boshchiligidagi tadbirkorlar delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuv davomida qishloq xo'jaligi va eksport-import sohasini rivojlantirishdagi qo'shma loyihalar haqida fikr almashildi.

B.Mamatqulov bunday uchrashuv ikkala tomonning iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlarini taqdim etish hamda hamkorlik uchun yangi marralarni ochishga imkon beradi deb ta’kidladi.

O'z navbatida M.E.Shahid Pokiston va O'zbekiston o'rtasida do'stona munosabatlar siyosiy jihatdan o'rnatilganligini va ishbilarmonlik munosabatlari juda yaqin ekanligini ta'kidladi. M.E.Shahid muzokaralar chog'ida Jizzax viloyatining 200 gektar yer maydonida kartoshka yetishtirish bo'yicha qo'shma korxona tashkil etishni taklif qildi.

Shuningdek, BMB Trade Group Pokistonlik hamkorlar tomonidan talab qilingan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini, to'qimachilik mahsulotlari, shakar, guruch va uy xo’jaligida zarur bo’lgan choyshablarni O'zbekiston Respublikasiga olib kirishni tashkil etish bo'yicha takliflarni oldi. M.E.Shahid Pokiston O'zbekiston Respublikasining ichki bozorida mahsulot turlarini ko'paytirishga tayyorligini ta'kidladi. Shuningdek, dukkakli mahsulotlarni Pokiston davlatiga eksport qilish ham muhokama qilindi.

Tomonlar O'zbekiston va Pokiston ishbilarmon doiralari o'rtasidagi munosabatlarni izchil rivojlantirish nafaqat mamlakatlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga javob berishi, balki savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ijobiy ta'sir ko'rsatishini ta'kidladilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlik qilish uchun qo'shma korxona tashkil etish hamda hamkorlikning aniq shakli va shartlarini belgilash to'g'risida kelishib oldilar.